Dunyoning eng uzun temir yo‘llari

Temir yo‘llar qurilishi XIX asr boshlarida boshlangan bo‘lsa-da, uning ahamiyati hanuzgacha pasaymadi. Bugungi kunda ham dunyo bo‘ylab tashilayotgan yuklar va yo‘lovchilarning aksar qismi temir yo‘llardan o‘tadi.

XX asr va XXI asrning boshlarida dunyodagi eng uzun temir yo‘l yo‘nalishi Transsibir yo‘nalishi edi. Bu yo‘nalish Moskvadan Uzoq Sharqdagi Vladivostok shahrigacha borardi.

2014-yilda Xitoy tomonidan “Yangi ipak yo‘li” nomi bilan yangi temir yo‘l yo‘nalishi ochildi. U bugun dunyodagi eng uzun yo‘nalishi hisoblanadi. Bu yo‘nalishda poyezd Xitoyning Iu shahridan Ispaniya poytaxti Madridgacha boradi. Bu yo‘nalishning umumiy uzunligi 13,052 kilometr.

10. Shanxay – Lxasa: 4 373 kilometr

Shanxaydan Lxasaga yuradigan poyezd Xitoyning sakkizta provinsiyasidan o‘tadi. Bu yo‘nalishning o‘tish vaqti 47 soatni tashkil etadi. Shanxaydan yo‘lga chiqqan poyezd Tibet tog‘laridagi Sinxay – Tibet tog‘laridagi bekatda to‘xtaydi.

Shanxay – Lxasa yo‘nalishidan asosan sayyohlar foydalanadi. Tibetni tomosha qilishga kelayotgan xitoylik va xorijlik sayyohlar asosan shu poyezdda yuradi.

9. Chikago – Los-Anjeles: 4 390 kilometr

AQSh temir yo‘l tarmoqlari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Mamlakatda tortilgan temir yo‘l liniyalarining umumiy uzunligi 250 000 kilometrni tashkil etadi.

Chikago – Los-Anjeles yo‘nalishi AQShdagi eng uzun temir yo‘li hisoblanadi.

Bu yo‘nalishda poyezd 65 soat harakatlanadi. Yo‘nalish AQShning yettita shtatini kesib o‘tadi va yo‘lda 40 ta bekatga to‘xtaydi.

Ushbu yo‘l asosan sayyohlar tashiladi. Ular bu yo‘nalishda AQShning noyob va xilma-xil tabiatini tomosha qilishga muvaffaq bo‘ladi.

Amtrak davlat kompaniyasi bu yo‘nalishda asosan yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya yo‘lovchilarga qiziqarli bo‘lishi uchun tarixiy ashyolar bilan jihozlangan vagonlar qildirgan. Vagonlarga xizmat ko‘rsatadigan xizmatchilar ham Gollivuud aktyorlari qiyofasida grim qilingan holda yo‘lovchilarga xizmat qiladi.

8. Xarbin – Xaykou: 4 458 kilometr

Xeylunszyan provinsiyasi markazi Xarbin shahrini Xaynan orolidagi Xaykou shahri bilan bog‘laydigan yo‘l Xitoydagi yo‘nalishlari orasida eng uzunlaridan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha poyezdlar qatnovi 2013-yilda boshlangan. Poyezdlar 66 soat yuradi va 52 ta bekatda to‘xtaydi.

Yo‘nalish Xitoyning shimoliy qismini janubiy qismi bilan bog‘lash uchun ochilgan.

Shuningdek, Xarbin – Xaykou temir yo‘li ochilishidan maqsad mahalliy sayyohlar “Sharqiy Gavayi” deb nomlanuvchi Xaynan oroliga tezroq va ko‘proq borishini ta’minlash bo‘lgan.

7. Toronto – Vankuver: 4 466 kilometr

VIA Rail kompaniyasining poyezdlarida Torontodan Vankuver yo‘nalishida yurish Kanada bilan yaqindan tanishish demakdir. Baland tog‘lar, tog‘ o‘rmonlari, tik qoyali daralar – bu temir yo‘l liniyasi ana shunday joylardan o‘tadi.

Ushbu yo‘nalishda 66 ta bekat bor.

Yo‘nalish vaqti qariyb to‘rt sutka – 86 soatni tashkil etadi. Bu vaqt mobaynida yo‘lovchilar mutlaqo zerikmaydilar va yo‘llarda hatto turli yovvoyi hayvonlarni ham tomosha qilib ketish mumkin. Shuningdek, yo‘nalish poyezdlari Vinnipeg, Saskatun va Edmonton shahri vokzallarida to‘xtab o‘tadi.

6. Urumchi – Guanchjou: 4 684 kilometr

Urumchi – Guanchjou temir yo‘l marshruti Xitoyning g‘arbiy va sharqiy qismlarini bog‘laydi. Ushbu yo‘nalishda uch turdagi poyezdlar qatnaydi.

Bular Z138/Z135, T38/T35, L908/L905 reyslaridir. Z turdagi poyezdlar 31 ta bekatda to‘xtaydi va 49,5 soatda manzilga yetadi; bular boshqa turdagi poyezdlarga qaraganda tezyurar hisoblanadi. T turdagi poyezdlar 55 soatda manzilga yetadi. Uchinchi, L turdagi poyezdlar yo‘lda 65 soat yuradi.

5. Inin – Shanxay: 4 742 kilometr

Inin–Shanxay temir yo‘l yo‘nalishi Xitoyning shimoliy-g‘arbini nafaqat Xitoyning, balki dunyoning eng yirik shaharlaridan biri bo‘lmish Shanxay shahri bilan bog‘laydi.

Bu yo‘nalishda poyezdlar ilk marta 2014-yil 10-dekabrdan boshlab qatnay boshlagan. Poyezdlar qatnov davomida yettita provinsiyani kesib o‘tadi va 32 ta bekatda to‘xtaydi. Ular orasida Nilki, Kuytun, Szinxe, Saven, Turfan, Urumchi, Shanshan va Xami shaharlaridagi vokzallar ham bor.

Yo‘nalish vaqti 56 soatni tashkil etadi. Ushbu yo‘nalishda yo‘lovchilar Xitoyning bugungi rivojlanishini o‘z ko‘zi bilan tomosha qiladi.

4. Lxasa – Guanchjou: 4 980 kilometr

Xitoydagi eng uzun temir yo‘l Tibetning ma’muriy markazi Lxasa shahrini Xitoy sharqidagi yirik shahar – Guanjouni o‘zaro bog‘laydigan 5 ming kilometrli temir yo‘l liniyasidir.

Ushbu temir yo‘lida ham tezyurar poyezdlar qatnaydi; yo‘l vaqti 54,5 soatni tashkil etadi.

Ushbu yo‘nalishda qatnaydigan poyezdlar Chenchjou, Lanchjou, Uchan va Sian shaharlari vokzallarida ham to‘xtab o‘tadi.

Ushbu yo‘nalishda harakatlanayotgan poyezdlar restoranida xitoy milliy oshxonasining 100 dan oshiq taomlari tayyorlanadi. Ushbu yo‘nalishda xizmat qiladigan vagon xizmatchilari yo‘lovchilarga ma’lumotlarni uch tilda: xitoy, ingliz va tibet tillarida e’lon qilib boradi.

3. Moskva – Pekin: 8 984 kilometr

Rossiya va Xitoy poytaxtlarini birlashtiruvchi temir yo‘l yo‘nalishida poyezdlar qatnay boshlaganiga ancha bo‘ldi.

“Vostok” poyezdi o‘z yo‘nalishini Moskvadan boshlab, qariyb 9 ming kilometr yo‘l bosib, Pekinga yetib boradi. Yo‘l vaqti 145 soatni tashkil etadi va yo‘nalish davomida poyezd 44 ta bekatda to‘xtab o‘tadi.

Ushbu yo‘nalishning katta qismi Transsibir temir yo‘l magistrali orqali o‘tadi va Rossiyaning Chita shahriga borib yo‘l Xitoy tomon buriladi.

Bekatlarda eng uzoq to‘xtash Zabaykalsk shahridagi chegara nazorati bekatida bo‘ladi. Bu yerda bojxona ko‘rigidan to‘liq o‘tish uchun va vagonlarning g‘ildiraklarini Xitoy temir yo‘llariga moslash uchun poyezd 6 soat (!) to‘xtab turadi.

2. Moskva – Vladivostok: 9 289 kilometr

Afsonaviy Transsibir temir yo‘l liniyasining tarixi XIX asrning oxiriga, aniqrog‘i, 1891-yilga borib taqaladi. O‘shanda Peterburgda Rossiyaning Yevropa qismini Tinch okeani sohillaridagi shaharlar bilan bog‘lash rejasi haqida ilk bor gapirilgan edi. Ammo Rossiya imperiyasining bunga imkoniyatlari yetarli emas edi. Shundan so‘ng XX asr boshlarida Rossiyada oktabr to‘ntarishi sodir etildi. So‘ngra Ikkinchi jahon urushi bo‘lib o‘tdi va Rossiyaning Yevropa qismi bilan Uzoq Sharqda, Tinch okeani sohillaridagi shaharlar orasini temir yo‘l orqali tutashtirish, rejalangandan qariyb yuz yil o‘tganidan so‘ng 1984-yilga kelibgina amalga oshirildi. Bungacha esa 50–60 yil davomida Transsibir temir yo‘l magistrali va Baykal – Amur magistral temir yo‘li qurildi.

Ushbu temir yo‘l yo‘nalishining vaqti 178 soat yoki yetti sutkani tashkil etadi. Uzunligi qariyb 9 300 kilometr bo‘lgan bu yo‘nalishda qatnaydigan poyezdlar umumiy 67 ta bekatlarda to‘xtab o‘tadi.

Ushbu yo‘nalishda yuradigan sayyohlar Sibir va Baykal ko‘lini tomosha qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

1. Iu – Madrid: 13 052 kilometr

Xitoyning Iu shahri uncha katta shaharcha hisoblanmaydi. Tinch okeani sohillarida joylashgan bu shaharcha nafaqat Xitoydagi, balki xalqaro darajadagi katta-katta ulgurji bozorlari bilan mashhur

Bundan bir necha yillar oldin Xitoy tomoni mamlakat poytaxti Pekin shahridan yoki boshqa yirik shaharlardan emas, aynan shu shaharchadan G‘arbiy Yevropaga, Ispaniya poytaxti Madrid shahriga poyezd qatnovini yo‘lga qo‘ydi. Bundan maqsad Xitoy mahsulotlarini temir yo‘llar orqali G‘arbiy Yevropaga yetkazib berish edi.

Ilk poyezd qatnovi 2014-yilda yo‘lga qo‘yildi. O‘shanda Iu shahridan yo‘lga chiqqan poyezd 21 kun deganda sakkiz mamlakat – Xitoy, Qozog‘iston, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Polsha, Germaniya, Fransiya va Ispaniya hududi bo‘ylab yurib, Madridga yetib bordi.

O‘shandan beri bu yo‘nalishda poyezd muntazam qatnayapti.

Yo‘nalishning uzunligi 13 ming kilometrdan oshadi.

Ushbu yo‘nalishga Xitoy tomoni “Yangi ipak yo‘li” deb nom berdi.

Ushbu yo‘nalishni ochishdan avval ayrim joylarda temir yo‘llar qurish va ta’mirlash uchun 40 milliard dollar mablag‘ sarflandi.


admin

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Next Post

AQSh olimlari suvdan sariyog‘ muqobilini yaratishdi

Вс Сен 1 , 2019
Nyu-York shtatining Cornell universiteti olimlari asosan suvdan tashkil topgan kam kaloriyali sariyog‘ muqobilini yaratishdi. Bu haqda universitet sayti xabar berdi, deb yozadi TASS. Kimyogarlar o‘simlik moyi va sut yog‘i qo‘shilgan ko‘p miqdordagi suvni sariyog‘ga o‘xshash emulsiyaga aylantirishga muvaffaq bo‘lishdi. Mahsulotda sun’iy stabilizator mavjud emas va kaloriyasi saryog‘dan 75 foizga kam. Bir osh […]