Nega salkam 2 million hindistonlik fuqarolikdan mahrum qilindi? Kvinsning eng nufuzli fuqarosiga aylangan buxorolik. Jahon matbuoti sharhi

“Daryo” o‘tayotgan haftada dunyo matbuotida keng yoritilgan, ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lgan maqolalar sharhiga to‘xtalib o‘tadi.

Afrikani domiga tortayotgan rus yadro texnologiyalari

The Guardian nashrining qayd etishicha, Rossiya Afrikadagi ta’sir doirasini kengaytirib, qora qit’aning rivojlanayotgan mamlakatlariga yadro texnologiyalarini sotish orqali milliardlab dollarni ishlab olmoqcha, garchi bu texnologiyalarni sotib olish Afrikaning qashshoq aholisiga naf keltirmasa-da.

“Rosatom” va rus hukumatining martabali siyosiy doiralari oxirgi ikki yil mobaynida yadro texnologiyalari doirasida bir qator Afrika qit’asi mamlakatlari siyosiy elitasi bilan muloqotlar o‘tkazgan. Muzokaralar Uganda, Ruanda, Gana va Janubiy Afrika mamlakatlari rahbarlari bilan o‘tkazilgan.

Nashrning yozishicha, hozir “Rosatom” Misrda qiymati 29 milliard dollarga baholangan reaktor qurmoqda. Nigeriyada ham reaktor qurish ishlari boshlanishi kerak. Reaktor qurish borasidagi faollikni Zambiyada ham ko‘rish mumkin.

Reaktor qurishni bildirgan tarafga rus hukumati ulkan qarzlar, jihoz va kadrlar yetkazib berish borasida uzoq muddatli shartnomalar paketini taklif qilmoqda. Misol uchun, Rossiya Misrga qurilajak reaktor qiymatining 85 foizini qarz qilib bermoqda.

Odatda Afrika qit’asidagi qurilayotgan reaktorlar ming megavatdan ko‘proq energiya ishlab chiqaradi va kam sonli Afrika mamlakatlarigina bu miqdordagi energiyani o‘zlashtirish qobiliyatiga ega.

Reaktor qurilishi tarafdorlari fikricha, bu inshootlarning qurilishi Afrikaning qashshoq mamlakatlariga o‘z infratuzilmasini yaxshilab olish imkonini beradi, ammo ayrim mutaxassislar nazarida Rossiya uchun mintaqada uzoqroq qolish geosiyosiy qadamdir. Uzoq muddatli shartnomalar rus hukumatiga pul ishlab olish imkonini berishi bilan birga o‘z ta’sir doirasini oshirishga ham yordam beradi.

Keyingi 50 yilda dunyoning ko‘rinishi qanday bo‘ladi?

Suv osti yo‘llari, xoverbord sport musobaqalari (Quyosh batareyasida ishlaydigan ikki g‘ildirakli harakatlanish vositasi), fazodagi sayohat – bularning bari keyingi 50 yilda oddiy holatga aylanib qoladigan voqeliklar, deb yozadi The Daily Mail nashri, kelajak haqidagi ilmiy bashoratlar tahlilidan kelib chiqib.

Ilmiy bashoratda, shuningdek, o‘zini o‘zi tozalaydigan uylar, 3D bosma uskunasi yordamida inson a’zolarini ishlab chiqarish kundalik hayotimizdan o‘rin olishi haqida ham taxminlar qilinadi. Nashrning ma’lum qilishicha, bu ilmiy taxminlar Samsung kompaniyasi buyurtmasi asosida olimlar va futuristlar yordamida ro‘yxat qilingan.

“Samsung KX50: obyektivda kelajak” nomli ma’ruzada 2069-yilga borib transportda inqilobiy o‘zgarishlar bo‘lishi, bunda Buyuk Britaniya va Yevropa qit’asini bog‘lovchi harakatlanuvchi konteynerlar yo‘lovchilarga xizmat qila boshlaydi va bular uzoq masofalarni bir soatdan kamroq vaqtda bosib o‘ta olishi aytiladi.

Yo‘lovchilar uchar taksi va avtobus xizmatlaridan foydalana boshlaydilarki, bu yo‘llardagi tirbandlik muammosini hal qiladi. Uzoq masofalarga esa atmosferaning yuqori qavatida yuqori tezlikda harakatlanuvchi raketalar yordamga keladi va London – Nyu-York sayohat vaqtini 30 daqiqaga borib bormay ado etsa bo‘ladi.

Sog‘liqni saqlash borasida gap ketganda, odamlar sog‘lig‘ini butun hayoti davomida kuzatib boruvchi va kasallik simptomlarini istalgan tilga tarjima qilib beruvchi yordamchilar paydo bo‘ladi. 3D printerlari esa inson a’zolarini ishlab chiqarishni boshlashi ommalashadi. Oqsilning asosiy manbai hasharotlar bo‘lib qoladi, ularni yetishtirish fermalari paydo bo‘ladi.

“Keyingi 50 yil hayotimizga mehnat qilish va hordiq chiqarish borasida misli ko‘rilmagan texnologik o‘zgarishlar va innovatsiyalarni olib keladi, – deydi ma’ruzachilardan Jaklin de Roxas. – Raqamli inqilob 250 yil oldingi sanoat inqilobi singari kelajak hayotimizni shubha ostiga qo‘yadi”.

Ma’ruza doirasida bashoratlarning qay birini amalga oshishini xohlaysiz, degan so‘rovnomaga Britaniyaliklarning javoblari ham ilova qilinadi. So‘rovda ishtirok etganlarning 63 foizi  avvalo o‘zini tozalaydigan uylar bo‘lishini, so‘ngra inson sog‘ligini kuzatuvchi moslamalarni, keyin uchuvchi taksi va avtobuslarni  paydo bo’lishini ko‘rishni xohlashini aytishadi.

Texnologiya ekspertlarining top bashoratlari ro‘yxati

1) Suv osti magistrallari: germetiklangan harakat konteynerlari yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi;

2) Yer osti ko‘p qavatli uylari: bunday uylar zilzilalarga o‘ta chidamli bo‘ladi;

3) O‘zi tozalanadigan uylar: siz yo‘lingingizda yoki uxlayotgan paytingizda bir tugmani bosish orqali o‘zini o‘zi tozalaydigan uylar;

4) Tana a’zolarini ishlab chiqaradigan 3D printerlar;

5) Fazo mehmonxonalari;

6) Oqsilga boy hasharotlardan tayyorlanadigan gamburgerlar;

7) Sog‘liqni kuzatadigan va kasallik simptomini aytib, istalgan tilga tarjima qilib bera oladigan uskunalar;

8) Xoverbord sport musobaqalari;

9) Tomoshabin ham, o‘yinchi ham qatnasha oladigan virtual filmlar va o‘yinlar;

10) Uchuvchi taksi va avtobuslar.

1,9 million hindistonlikning taqdiri yoxud fuqaroligidan ajralgan hindlar

Hindiston hukumati nihoyat shimoli-sharqiy shtat – Assamdagi 1,9 million fuqaroning Hindiston fuqaroligidan mahrum qilinishi kerak bo‘lgan ro‘yxatga kiritdi, deb yozadi BBC.

Fuqarolikni ro‘yxatga olish markazi e’lon qilgan ro‘yxat shunday hujjatki, unga kiritilgan har bir shaxs Assamga 1971-yilning 24-martigacha kelganini isbotlab bera olishi kerak. Aynan shu sanada qo‘shni Bangladesh Pokistondan ajralib chiqqanini e’lon qilgan edi.

Eslash joizki, iyul oyining boshlarida 4 millionga yaqin hindlar mazkur ro‘yxatga kiritilib, fuqarolikdan chiqarilish tahdidi oldida qolgan edi.

Hind rasmiylarining ta’kidlashicha, mazkur ro‘yxatlar eng avvalo noqonuniy bangladeshlik muhojirlarni aniqlash maqsadida tuzilmoqda.

Hindistonda allaqachon xorijlik ekani iddao qilinayotgan minglab odamlar maxsus lagerlarga keltirilgan va ular qachon o‘z mamlakatiga deportatsiya qilib yuborilishi ham ayni vaziyatda mavhumligicha qolmoqda.

Ayrim siyosatchilar assamliklarga qarshi qaratilgan bu kamsituvchi siyosiy kampaniyani “jodugarlar ovi” deb atamoqda.

Milliy fuqarolarni ro‘yxatga jarayoni olish 1951-yilda boshlangan bo‘lib, bu jarayon orqali kim Assamda tug‘ilib o‘sgan hindistonlig-u, kim chet ellik ekanini qayd etuvchi jarayondir.

Mazkur ro‘yxat ancha yillardan beri endi yangilanmoqda. Hindiston bosh vaziri, millatchi Bharata Janata Party yetakchisi Narendra Modi ancha yillardan beri muhojirlarga qarshi ayovsiz kurash olib borishini aytib kelayotgan bo‘lsa-da, yaqin oylardan boshlab bu borada keskin siyosatni boshlab yubordi va Milliy fuqarolikni ro‘yxatga olish jarayonini asosiy vazifaga aylantirdi.

Bu nima uchun bu aynan Assam shtatida yuz bermoqda, degan savol tug‘iladi. Sababi, Assam Hindistonning eng ko‘p elatlar yashaydigan hududlaridan biri hisoblanadi va fuqarolik borasidagi masalalar bu o‘lka uchun bir qator muammolarni keltirib chiqaroyotgan edi.

Bengalcha va assamcha muloqot qiluvchilar bilan bir qatorda 32 millionli shtatning uchdan bir aholisi musulmonlardir. Ularning ko‘plari Britaniya hukmronligi davrida joylashib olgan muhojirlarning avlodlaridir.

Maqolada, shuningdek, fuqarolikdan chiqarilgan assamliklarning kelajagi haqida fikr yuritilar ekan, bu eng avvalo mol-mulkni taqsimlash, deportatsiya qilish, irqchilik va fuqaroligi yo‘qlarga aylantirilganlarning qayerga yuborilishi bilan bog‘liq qator omillar Hindiston hukumati uchun ulkan bosh og‘rig‘i bo’lishi ham ta’kidlanadi.

Buxoro yahudiylarining Kvinsdagi o‘rni haqida

AQShda chop etiladigan The Bukharian Times nashrining yozishicha, Boris Kandov City and State of New York nashri tomonidan Kvins tumanining siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotiga ta’sir o‘tkazayotgan eng nufuzli shaxs sifatida e’tirof etilgan.

Boris Kandov ayni paytda AQSh va Kanadadagi Buxoro yahudiylari Kongressi prezidenti hisoblanadi.

Bu uning ikkinchi marotaba mazkur ro‘yxatga kirishi; ro‘yxatda  atoqli amerikalik tadbirkorlar, fan va madaniyat arboblari ham mavjud. Ular orasida Kvins rahbari Melinda Kas, shtat senatori Maykl Jinaris, AQSh Kongressi a’zosi Greys Meng, Demokratik partiyasi kongressmeni Gregori Mens va keyingi yilda Nyu-York merligiga nomzodini qo‘ymoqchi bo‘lib turgan Tifani Kaban kabi nufuzli jamoat arboblari mavjud.

Tuman rahbari Melinda Kas o‘z ma’ruzasida Kvinsning Nyu-York shtati ijtimoiy, siyosiy va madaniy hayotiga salmoqli hissa qo‘shayotgani va Kvins fuqarolari yaxshi hayot kechirishi uchun bundan keyingi faoliyatida ham harakat qilishini ta’kidladi.

Ayni paytda Kvinsda 2 millionga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Kvins hududi 280 kvadrat kilometrni tashkil etadi va u yerda turli millat vakillari istiqomat qiladi.

Kvinsda qariyb 50 mingga yaqin buxorolik yahudiylar yashaydi. Ular bu yerda o‘ziga xos madaniyat yaratgan.

Forest Hills va Rego Park’da ko‘p sonli buxorolik yahudiylar istiqomat qiladi; bu yerda AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari Kongressi ofislari bilan bir qatorda Kanesoy Kalon sinagogasi, The Bukharian Times gazetasi, “Do‘stlik”, “Umid”, “Ayollar dunyosi”, “Gudzondagi Buxoro” jurnallari tahririyati hamda Buxoro yahudiylari tarixini o‘rganuvchi institut joylashgan.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

admin

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Next Post

AQSh KXDRga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etdi

Вс Сен 1 , 2019
AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlar ustidan nazorat boshqarmasi (Office of Foreign Assets Control, OFAC) ikki nafar tayvanlik fuqaro, Tayvan va Gonkongda faoliyat olib boruvchi uchta yuridik shaxs hamda bir kema Shimoliy Koreyaga nisbatan sanksiyalarni buzgani uchun qora ro‘yxatga kiritilganini ma’lum qildi. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda. “Moliya vazirligi noqonuniy tashishga aloqador […]