Orolbo‘yida sement ishlab chiqarish bo‘yicha yana bir yangi zavod ishga tushirildi

Davlatimiz rahbarining joriy yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi u yerda yashovchi xalqqa ko‘tarinki kayfiyat baxsh etishi barobarida hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni yangidan-yangi g‘oya va tashabbuskorlikka undagani ayni haqiqatdir.

Tashrif doirasida iqtisodiyotning boshqa sohalari qatori sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmog‘idagi loyihalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirkorlarni mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirish, ularga zaruriy ko‘mak berish “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyatining asosiy maqsadi bo‘lib, bugungi kunda hududlarda amalga oshirilayotgan yangi quvvatlar aholi ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda.

Ta’kidlash kerakki, Orolbo‘yida mamlakatimiz boshqa hududlarida uchramaydigan qator qurilish materiallariga boy xom ashyo zaxiralari mavjud. Dala shpati xom ashyosi va vallastonit, oxak va oxak toshi, vermikulit rudasi, rodonit, listvenit kabi xom ashyo zaxiralari shular jumlasidandir.

Bu yerda sement xom ashyosi, tabiiy pardozbop va qurilish toshlari, gips va angidrit, ohaktosh, keramzit xomashyosi, silikat buyumlar ishlab chiqarish va qurilish ishlari uchun qum, qum-shag‘al materiallari, g‘isht-cherepitsa xom ashyosi zaxiralariga boy konlarning mavjudligi sohaning istiqbolini belgilaydi.

Hududdagi bunday imkoniyatlar esa mahalliy va xorijlik investorlar imkoniyatlar qiziqishini orttirib, bu yerda yangi korxonalar faoliyatiga asos solinmoqda. Ayniqsa, asosiy qurilish materiali – sement ishlab chiqarish korxonalarining Qoraqalpog‘istonda ketma-ket foydalanishga topshirilayotganini katta quvonch bilan e’tirof etish lozim.

Jumladan, o‘tgan yilda Qorao‘zak tumanida “Qoraqalpoq sement” korxonasida birinchi bosqichda yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, mazkur tumanning “Qo‘yboq” qishloq fuqarolar yig‘ini “Jamansay” uchastkasida “Titan sement” mas’uliyati cheklangan jamiyati O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan yiliga 200 ming tonna sement ishlab chiqarish korxonasi joriy yilning 19 dekabr kuni ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Vazirlar Kengashi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati, Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki, mahalliy hokimlik, xorijiy investor va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar barcha sohalar qatorida qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatining rivojlanishiga hamda bu jarayonda mahalliylashtirish jarayonini jadallashtirishda muhim omil bo‘layotganini alohida ta’kidladi.

Shu o‘rinda aytish joizki, mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma korxonasi tomonidan ishga tushirilgan, mazkur loyihaning umumiy qiymati 302 milliard 400 million so‘mni (jami 37,8 million dollar) (shundan 19,2 million dollar ekvivalentida korxonaning o‘z mablag‘i, 16,8 million dollar bank krediti va 1,8 million dollar xorijiy investitsiya)ni tashkil etadi.

– Yurt ravnaqi va xalqimiz farovon hayotini ta’minlashga o‘z hissamizni qo‘shish asosiy maqsadimizdir, – dedi “Titan sement” qo‘shma korxonasi boshqaruvi raisi Baxtiyor Panayev. – Yuz foiz mahalliy xom ashyodan foydalangan holda yuqori markali sement ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladigan korxonamizda 224 nafar fuqaro muqim ish bilan ta’minlanadi. Prezidentimizning tashrifi bizga yanada g‘ayrat-shijoat bag‘ishlab, orzu istaklarimizga qanot bo‘ldi. Sement ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilgani bunga yorqin misoldir. Keyingi rejamiz esa Mo‘ynoq tumanidagi tabiiy ko‘llarda o‘sadigan qamishdan foydalangan holda yuz foiz mahalliy xom ashyo asosida yana bir qurilish materiali bo‘lgan DSP ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida yiliga 50 ming kvadrat metr DSP ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi hamda 200 nafar mahalliy aholi ish o‘rniga ega bo‘ladi.

Muhimi, sement ishlab chiqarish uchun uzoq yillarga yetadigan sement xom ashyo zaxiralari mavjud bo‘lgan Beruniy tumanidagi “Shimoliy Jamansay (1990) hamda “Jamansay (1990, 1995) konlaridan sanoat usulida foydalanishga litsenziya olinganligi loyihaning samarali istiqboliga keng yo‘l ochadi.

Yangi korxonaga Xitoydan zamonaviy uskunalar olib kelinib o‘rnatilganligi, temir yo‘l, tabiiy gaz, elektr energiyasi va suv tarmog‘i kabi o‘ta zarur tashqi kommunikatsiya tarmoqlariga ulanganligi ishlab chiqarishning uzluksizligini ta’minlash bilan birga, ishchi-xizmatchilar uchun ham qulay ish sharoitini yaratishga xizmat qiladi.

Albatta, zamonaviy va sifatli, hudud uchun yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi, hududning iqtisodiy qudratini oshirish barobarida, ko‘pgina ijtimoiy masalalarning samarali hal etilishiga hissa bo‘lib qo‘shiladi. Ishlab chiqarish korxonasi joylashgan hududning eksport salohiyati, tuman mahalliy byudjeti, eng asosiysi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi natijasida aholi daromadlari va farovonligi oshadi.

Ayniqsa, asosiy qurilish materiali bo‘lgan sement ishlab chiqarish korxonasining foydalanishga topshirilishi nafaqat tuman, balki qo‘shni tumanlar hamda viloyatlarda jadallik bilan olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlarini, shu bilan birga, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” va boshqa ijtimoiy dasturlarning samarali amalga oshirilishiga xizmat qilishi shubhasizdir.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA​

admin

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Next Post

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi kursantlari xalqaro musobaqada uchinchi o‘rinni egalladi

Пн Июл 29 , 2019
TO‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari 24—29-iyul kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida MDHga a’zo mamlakatlar do‘stona armiyalarining oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada ishtirok etib qaytdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga xabar berdi Xalqaro harbiy musobaqada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Armaniston, Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus Respublikalaridan jami […]