Hukumat qarori bilan yana bir soha xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimi takomillashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deb xabar beradi “Kun.uz”.

O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va quyidagi maqsadlarda tashkil etilgan:

  • O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi xodimlari mehnatiga haq to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirish, ijtimoiy muhofaza qilish, o‘qitish va malakasini oshirishni;
  • Agentlik vazifalarining samarali bajarishlarini ta’minlashni;
  • Agentlikni moddiy-texnik ta’minlash, shu jumladan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishni moliyalashtirish chora-tadbirlarini takomillashtirish.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

  • qonun hujjatlariga muvofiq pulli xizmatlar ko‘rsatishdan, shu jumladan, aerodrom hududida parvozlar xavfsizligiga xavf solishi mumkin bo‘lgan faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomalar berishdan tushadigan mablag‘larning 100 foizi;
  • ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganligi uchun Agentlik xodimlari tomonidan solinadigan jarimalar miqdorining 80 foizi;
  • “O‘zaeronavigatsiya” markazi sof foydasining 5 foizi;
  • aviatsiya xavfsizligi uchun undiriladigan yig‘imlar miqdorining 3 foizi;
  • xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari va kreditlari;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

a) agentlikni moddiy-texnik ta’minlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, O‘zbekistonRespublikasi davlat budjeti mablag‘lari bilan qoplanmagan boshqa xarajatlar uchun;

b) agentlik xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirish, mukofotlash, moddiy yordam ko‘rsatish, ijtimoiy himoya qilish, o‘qitish va malakasini oshirish, shu jumladan:

agentlik xodimlariga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalar to‘lash;

agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi havo kemalarida imtiyozli (maxsus) tarzda yurish xarajatlarini qoplash uchun;

v) agentlik faoliyati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining O‘zbekiston Respublikasiga tashriflarini tashkil etish, shu jumladan:

vakillik xarajatlarini, shuningdek, konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlar, treninglar va davra suhbatlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash, suvenirlar, mahsulotlar, bukletlar va axborot-ma’rifiy materiallarni xarid qilish;

xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarda ishtirok etish uchun;

g) qonunchilikda taqiqlanmagan agentlik faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilgan boshqa tadbirlar uchun.

O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi xodimlarining mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, faoliyati parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan agentlik rahbarlari va xodimlarining lavozim maoshlari takomillashtirilgan tarif setkasi bo‘yicha tarif koeffitsiyentini qo‘llagan holda uch barobar miqdorda belgilanadi: bitta lavozim maoshi — budjet mablag‘lari hisobidan, ikkita lavozim maoshi — O‘zbekiston Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan.

Agentlik xodimlarining mehnatiga haq to‘lash, ularni moddiy rag‘batlantirish va mukofotlash, shuningdek, ularga moddiy yordam ko‘rsatish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:

a) budjet ajratmalari hisobidan:

agentlik xodimlarining lavozim maoshlari;

qonunchilikda belgilangan tartibda va miqdorda davlat xizmatchilarining lavozim maoshiga mehnatni rag‘batlantirish koeffitsiyenti;

yiliga mehnatga haq to‘lashning ikki oylik fondi miqdoridagi mukofotlar;

bir yilda bir marotaba bir oylik mehnatga haq to‘lash fondi miqdorida moddiy yordam to‘lovlari;

agentlik xodimlarining mehnatini moddiy rag‘batlantirish maxsus fondi mablag‘lari hisobidan mehnatga haq to‘lash fondi mablag‘larining 15 foizi miqdorida moddiy taqdirlash va rag‘batlantirish;

faxriy unvonlar uchun qo‘shimcha haqlar;

b) jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:

faoliyati parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bilan bog‘liq bo‘lgan agentlik rahbarlari va xodimlarining ikkita lavozim maoshlari;

vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalar to‘lash;

agentlik xodimlarining ushbu nizom 3-bobida ko‘rsatilgan har oylik ustamalari, moddiy yordam va mukofotlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa qo‘shimcha haq va ustamalar.

Amaldagi (uchuvchi, shturman) guvohnomalarga ega bo‘lgan rahbar va inspektorlar tarkibiga lavozim maoshiga har oy quyidagi miqdorlarda ustamalar belgilanadi:

Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) tilni bilishni baholash shkalasi bo‘yicha ingliz tilini 4-darajadan past bo‘lmagan darajada bilish va amaliy faoliyatda qo‘llashi uchun — 15 foiz;

2-darajali malaka uchun — 30 foizgacha;

1-darajali malaka uchun — 50 foizgacha;

fuqaro aviatsiyasining amaldagi (uchuvchi, shturman) guvohnomasi uchun 50 foizgacha;

1 soat parvoz vaqti uchun — O‘zbekistonda belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining ikki baravarigacha miqdorida. Bir oyda 10 soatdan oshgan haqiqiy parvoz vaqti uchun haq to‘lanmaydi.

Havodagi harakatni boshqarish bo‘yicha amaldagi dispetcher guvohnomasiga ega bo‘lgan rahbar va inspektorlar tarkibiga lavozim maoshiga har oy quyidagi miqdorlarda ustamalar belgilanadi:

  • IKAOning tilni bilishni baholash shkalasi bo‘yicha ingliz tilini 4-darajadan past bo‘lmagan darajada bilish va amaliy faoliyatda qo‘llash uchun — 15 foiz;
  • 2-darajali malaka uchun — 30 foizgacha:
  • 1-darajali malaka uchun — 50 foizgacha;
  • havodagi harakatni bevosita boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan ish o‘rinlarida mustaqil ishlashga ruxsatnoma uchun — 30 foizgacha;
  • havo harakatini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimida mustaqil ishlashga ruxsatnoma uchun — 30 foizgacha;
  • havodagi harakatni boshqarish bo‘yicha amaldagi dispetcher guvohnomasi uchun — 50 foizgacha;
  • havo kemalariga xizmat ko‘rsatishni tashkil etish va havo hududidan foydalanishni tekshirish hamda nazorat qilish uchun — 50 foizgacha.

Havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaldagi muhandis guvohnomasiga ega bo‘lgan rahbar va inspektorlar tarkibiga lavozim maoshiga har oy quyidagi miqdorlarda ustamalar belgilanadi:

  • xodimga har bir havo kemasi turi uchun berilgan toifalar turi va soniga qarab 26 foizdan 170 foizgacha;
  • havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish ruxsatnomasi uchun — 60 foizgacha;
  • havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amaldagi muhandis guvohnomasi uchun — 16 foizgacha.
  • agentlik direktori va uning o‘rinbosariga alohida muhim parvozlarni tashkil etishda ishtiroki uchun har oylik lavozim maoshiga 30 foizdan 40 foizgacha miqdorda ustamalar belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun har oylik lavozim maoshiga ustamalar quyidagi miqdorlarda to‘lanadi; 3 yildan 5 yilgacha — 15 foiz, 5 yildan 10 yilgacha — 20 foiz, 10 yildan 15 yilgacha — 30 foiz, 15 yildan 20 yilgacha — 40 foiz, 20 yil va undan ortig‘iga — 50 foiz.

admin

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Next Post

Fotogalereya: Parijda Jak Shirak bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi

Вт Окт 1 , 2019
Fransiya poytaxti Parij shahrida 29-sentabr, yakshanba kuni mamlakatning sobiq prezidenti Jak Shirak bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Jak Shirak 26-sentabr, payshanba kuni 86 yoshida vafot etdi. Marosimga qariyb 80 nafar amaldagi va sobiq davlat rahbari taklif qilindi. “RBK” marosim aks etgan fotoreportajni taqdim etdi. Jak Shirak bilan milliy vidolashuv 29-sentabr kuni […]