Angliya bugun ko‘kka bo‘yaladimi yoki qizilga? “Chelsi” — “Liverpul” uchrashuvi haqida

Angliya Premyer Ligasi 6-turining markaziy uchrashuvida 22-sentabr, yakshanba kuni “Chelsi” Londonda “Liverpul”ga qarshi bahs olib boradi .

Bugun londonliklar klubi Angliya chempionati ushbu mavsumida to‘xtash nimaligini bilmay kelayotgan “qizillar”ni taslim etishga urinib ko‘radi. Ikki jamoa mavsum avvalida UEFA Superkubogi uchun bahs olib bordi. O‘shanda Frenk Lempard jamoasi yomon ko‘rinmadi va kuchli raqibga qarshi munosib harakat qildi. Biroq bu safar ham o‘sha o‘yinni ko‘rsatish uchun “ko‘klar”ga kadrlar muammosi xalal berishi mumkin.

2000-yilning aprelidan shu vaqtga qadar bu ikki jamoa o‘zaro 60 marta to‘qnash kelgan. Bu XXI asrda eng ko‘p kuzatilgan ingliz klublari bahsi hisoblanadi.

“Chelsi”

Premyer Ligani “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yindagi yirik mag‘lubiyat bilan boshlagan “aristokratlar”ga barqarorlik yetishmayapti. Lempard ishga kirishishi bilanoq bir nechta futbolchilarni kashf qilishga ulgurdi: Temmi Abraham, Meyson Maunt kabi yosh iqtidor egalari jamoaning asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. Biroq jamoada muammolar ham yetarli darajada. FIFA taqiqi sabab yozgi transfer oynasida xaridlarni amalga oshira olmagan klub himoya chizig‘ida muammolar sezmoqda. Bundan tashqari Eden Azarning ketishi ham o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi.

“Chelsi” 1988/89-yilgi mavsumdan keyin ilk bor mavsum startidagi uchta uy uchrashuvida g‘alabaga erisha olmadi, o‘shanda jamoa ikkinchi divizionda to‘p surardi.  “Chelsi”ga bugun Ruben-Loftus Chik yordam bera olmaydi, shuningdek, Meyson Maunt, Ngolo Kante va Antonio Ryudiger kabi futbolchilarning ham maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi.

“Liverpul”

Angliyada mavsumni yuqori notada boshlagan Yurgen Klopp shogirdlari Chempionlar Ligasi 1-turidan o‘rin olgan “Napoli”ga qarshi o‘yinda mag‘lubiyatni qabul qilib oldi (0:2). “Chelsi”ning sobiq ustozi Karlo Anchelotti musobaqaning amaldagi chempionini to‘xtatishning uddasidan chiqdi. Biroq mersisaydlar APL o‘yinlariga doim o‘zgacha ishtiyoq bilan qaraydi. Saloh—Firmino—Mane triosi esa har qanday jamoani qo‘rquvga solishga qodir.

“Liverpul” bu o‘yindagi g‘alaba orqali ketma-ket ikki mavsum startini oltita yutuq bilan boshlagan ilk klubga aylanishi mumkin. Biroq o‘tgan yili “qizillar”ning muvaffaqiyatli starti aynan “Chelsi”ga qarshi o‘yinda (1:1) to‘xtagandi. Shuningdek, bugun “Liverpul” ligadagi g‘alabali seriyasini 14 taga yetkazgan holda rekord qayd etishi mumkin.

Klopp bugun Alisson, Nataniel Klayn va Divok Origi xizmatidan foydalana olmaydi.

Statistika va qiziqarli faktlar

  • “Chelsi” “Liverpul”ga qarshi APLdagi so‘nggi to‘qqizta o‘yinning bor-yo‘g‘i bittasida g‘alabaga erisha olgan (5 durang, 3 mag‘lubiyat)
  • “Liverpul” Premyer Ligada 14 ta uchrashuvdan buyon har bir o‘yinda kamida ikkita gol urmoqda
  • “Liverpul” “Stemford Brij”dagi so‘nggi 11 o‘yinning beshtasida g‘alabaga qozongan, biroq jamoa 2016-yilning sentabridan buyon Londonda uch ochko qo‘lga kirita olmagan
  • “Ko‘klar” “Liverpul”ga qarshi kechgan oxirgi 20 ta o‘yinning faqat bittasida gol ura olmagan
  • “Chelsi” shu vaqtga qadar birinchi o‘rinda turgan jamoani 18-marta mag‘lubiyatga uchrata olgan va bu borada APLda yetakchi hisoblanadi
  • “Liverpul” Premyer Liganing so‘nggi 44 ta o‘yinida bor-yo‘g‘i bir bor mag‘lubiyatga uchradi (36 g‘alaba, 7 durang)
  • “Liverpul” kuchli oltilik klublari bilan so‘nggi 12 ta o‘zaro o‘yinda faqat bitta g‘alabaga erishgan

APL
6-tur bahsi
22-sentabr, yakshanba, 20:30
“Chelsi” — “Liverpul”

Taxminiy tarkiblar


“Chelsi” (3-5-1) — Kepa, Tomori, Kristensen, Zuma, Alonso, Aspilikueta, Jorjinyo, Kovachich, Villian, Pedro, Abraham.
“Liverpul” (4-3-3) — Adrian, Aleksandr-Arnold, Matip, van Deyk, Robertson, Fabinyo, Veynaldum, Henderson, Saloh, Mane, Firmino.

admin

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Next Post

“Buffon, seni ko‘rish uchun O‘zbekistondan 5 ming km yo‘l bosib keldim!”

Вс Сен 22 , 2019
Futbol bo‘yicha Italiya A Seriyasining 4-turidan o‘rin olgan bahsda “Yuventus” o‘z maydonida “Verona” klubini mehmon qildi. Bellashuv Turin klubining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Shu kuni turinliklar darvozasini Janluiji Buffon qo‘riqladi. Buffon o‘yindan so‘ng Instagram’dagi sahifasiga bir nechta suratni joyladi. Suratlardan birida o‘zbekistonlik futbol muxlisining quyidagi yozuvlari aks etgan banner […]