Ektor Kuperning O‘zbekistondagi safari ham qaridi(mi?)

O‘zbekiston terma jamoasining so‘nggi o‘yinlardagi ishtiroki haqida

2-avgust, 2018-yil.

O‘zbek futboli muxlislari orziqib kutgan kun keldi — O‘zbekiston terma jamoasiga xorijlik mutaxassis bosh murabbiy etib tayinlandi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining o‘sha vaqtdagi rahbariyati (Umid Ahmadjonov boshchiligidagi mutasaddilar) bergan va’dasining ustidan chiqdi. To‘g‘ri, hamma birdek intiq bo‘lib kutgan Karlush Keyrush emas, balki tajribasi ham yoshi ham katta bo‘lgan argentinalik Ektor Kuper mamlakat bosh jamoasi murabbiyiga aylandi. Nima bo‘lganda ham chet ellik murabbiy olib kelindi.

Muxlis-u mutaxassislarning talabiga shu tarzda javob qaytarildi. Uning ish uslubi va qarashlari esa o‘zbek futbolchilariga to‘g‘ri kelish yoki kelmasligi haqida qanchalik o‘ylangani bizga qorong‘i. Kuper kelgan vaqtdayoq uning bosh vazifasi — O‘zbekistonni Qatardagi JCh—2022 musobaqasiga olib chiqish ekanligi ta’kidlandi. Bu ta’kid katta jamoalarga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida ham, 2019-yil yanvarida bo‘lib o‘tgan Osiyo Kubogi vaqtida ham yangrab turdi.

5-sentabr, 2019-yil.

Ektor Kuper boshchilgidagi O‘zbekiston terma jamoasi JCh—2022 yo‘lini Falastinga qarshi o‘yin bilan boshladi. Ha, bir yil davomida ta’kidlangan asosiy vazifa yo‘lida ilk qadam tashlandi. U shunday tashlandiki, Ektor Kuperning shundoq ham muvaqqat turgan murabbiylik kursisi 90 daqiqalik o‘yindan so‘ng qanday ahvolga kelib qolgani futbolga qiziqqan inson borki hammasiga birdek ma’lum bo‘lib ulgurdi.

O‘zbekiston terma jamoasi shu kunga qadar Falastinga qarshi bo‘lgani kabi ma’ni-mantig‘i yo‘q o‘yin ko‘rsatmagan edi. Ha, hamma ushbu “qora tush”dan so‘ng bir vaqtlar Vadim Abramov boshchilik qilgan O‘zbekiston terma jamoasining Eronga qarshi bahsini yodga oldi. O‘shanda mamlakat bosh jamoasi Eronga 0:1 hisobida yutqazgan bo‘lsa ham o‘yin bobida forslarni har jihatda ortda qoldira olgandi. Keyinchalik Abramov bilan bo‘lgan holat ham ko‘pchilikka ma’lum.

Falastinga qarshi bahsda esa na Kuperning o‘yindagi imzosi ko‘rindi va na o‘yinga bo‘lgan munosabati. Rossiya chempionatida javlon urayotgan Eldor Shomurodov, ichki birinchilikda himoyachilarni shoshirib qo‘yadigan Jaloliddin Masharipov kabi o‘yinchilarning maydonda borligi ham deyarli bilinmadi. Kuper kelgan vaqti uning o‘yin falsafasi himoyaviy uslub asosiga qurilishi va bu O‘zbekiston terma jamoasiga to‘g‘ri kelmasligi haqida xo‘b va ko‘p yozildi.

Jumladan, ayni damda OKMK klubi matbuot xizmati xodim sifatida faoliyat olib borayotgan Shag‘boz Beg‘amov bir yil oldin quyidagilarni bayon qilgandi: “Kuper terma jamoamizda ham avvalgi jamoalarida bo‘lgani kabi himoyadan o‘ynash uslubini qo‘llashi deyarli aniq. To‘p bilan yaxshi o‘ynaydigan futbolchilarimiz Kuperning yangi g‘oyasini o‘zlashtirishlariga to‘g‘ri keladi. Buyog‘iga to‘psiz yaxshi o‘ynaydigan, hujumdan orqaga qaytib mudofaaga ko‘maklashadigan, qarshi hujumda tezroq va tezkor harakatlanadigan futbolchilarga muhtojlik sezamiz. Chunki terma jamoamiz “birinchi raqam” bilan emas, ko‘proq raqibdan kelib chiqib “ikkinchi” bo‘lib o‘ynaydi. Kuperning falsafasi — himoyani ehtiyot qilishdan iborat!”.

9-sentabr, 2019-yil.

Falastindan qabul qilingan mag‘lubiyat unut bo‘lib ulgurmasdan O‘zbekiston terma jamoasi Iordaniya poytaxti Amman shahrida Iroq termasiga qarshi maydonga tushib, golsiz durang qayd etdi. JCh—2022 saralashi ikkinchi bosqichi 2-turida dam oladigan Kuper shogirdlari uchun Iroqqa qarshi o‘yin tashkil etilgandi. Bu o‘yinda Kuper Falastinga qarshi maydonga tushmagan bir qancha o‘yinchilar xizmatidan foydalandi. Falastinga qarshi o‘yinda ko‘plab xatolarga yo‘l qo‘ygan Yegor Krimets ushbu o‘yinda jarohat oldi. Kamiga Eldor Shomurodov hamda Jaloliddin Masharipov ham turli darajadagi shikastlanishlarni orttirib oldi. Terma jamoa shifokoriga ko‘ra, ularning jarohati qo‘rqinchli emas. Falastinga qarshi o‘yinda bo‘lgani kabi bu bellashuvda ham futbolchilar raqib darvozasini ishg‘ol qila olmadi. O‘yinda ham aytarli o‘zgarish kuzatilmadi. Tablodagi 0:0 hisobi ham shunga isbot.

Xo‘sh, Kuperning himoyaviy o‘yin uslubi O‘zbekistonga mos keldimi?

BAAdagi Osiyo Kubogi vaqtida O‘zbekiston terma jamoasi himoyadagi tartibli o‘yinlari sabab muxlislarda kelajakka bo‘lgan ishonchni paydo bo‘lgandi. Kuper shogirdlarining Osiyo Kubogidagi o‘yinlari natijalarini yodga olamiz:

  • O‘zbekiston — Ummon 2:1
  • Turkmaniston — O‘zbekiston 0:4
  • Yaponiya — O‘zbekiston 2:1
  • Avstraliya — O‘zbekiston 0:0 (penaltilar bo‘yicha 4-2)

Jamoa 4 ta o‘yinda 6 ta gol urgan holda o‘z darvozasidan 3 ta gol olib chiqdi. Bu raqamlar himoyada tartib paydo bo‘lganini isbotlagandek edi go‘yo. Ammo har doimgidek, terma jamoa muhim pallada kuchli raqiblarga imkoniyatni boy berdi.

O‘zbekiston terma jamoasi argentinalik qo‘l ostida Eron, Janubiy Koreya kabi qit’a grandlariga qarshi o‘rtoqlik o‘yinlarida mos ravishda 0:1, 0:4 hisoblarida yutqazdi. Bir yoki kamida ikki bosh baland bo‘lgan Urugvaydan uchta gol o‘tkazildi. Turkiya esa deyarli ikkinchi tarkibi bilan O‘zbekistonni 2:0 hisobida taslim qildi. Ko‘rib turibsiz, kuchli jamoalarga qarshi birorta o‘yin O‘zbekiston foydasiga hal bo‘lmagan. Tartibli himoya haqidagi gap-so‘zlar esa mana shu o‘yinlardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, Abdulla Qahhorning mashhur romani “Sarob”dek ko‘rinadi go‘yo.

Endi esa Kuperning O‘zbekiston boshqaruvidagi barcha o‘yinlar statistikasini taqdim etamiz:

2018-yil

  • 06.09.2018. O‘zbekiston — Suriya 1:1
  • 11.09.2018. O‘zbekiston — Eron 0:1
  • 13.10.2018. O‘zbekiston — Shimoliy Koreya 2:0
  • 16.10.2018. O‘zbekiston — Qatar 2:0
  • 15.11.2018. O‘zbekiston — Livan 0:0

2019-yil

  • 09.01.2019. O‘zbekiston — Ummon 2:1
  • 13.01.2019. Turkmaniston — O‘zbekiston 0:4
  • 17.01.2019. Yaponiya — O‘zbekiston 2:1
  • 21.01.2019. Avstraliya — O‘zbekiston 0:0 (penaltilar bo‘yicha 4-2)
  • 22.03.2019. O‘zbekiston — Urugvay 0:3
  • 26.03.2019. Xitoy — O‘zbekiston 0:1
  • 02.06.2019. Turkiya — O‘zbekiston 2:0
  • 07.06.2019. O‘zbekiston — KXDR 4:0
  • 11.06.2019. O‘zbekiston — Suriya 2:0
  • 05.09.2019. Falastin — O‘zbekiston 2:0
  • 09.09.2019. O‘zbekiston — Iroq 0:0

Umumiy statistika:

  • O‘yinlar soni: 17 ta
  • G‘alaba: 7 ta
  • Durang: 4 ta
  • Mag‘lubiyat: 6 ta
  • To‘plar nisbati: 19-16

Uning o‘yin falsafasi O‘zbekiston terma jamoasiga mos kelgani yoki yo‘qligi bo‘yicha savolni esa ochiq qoldiramiz. Xulosa, har kimning o‘ziga havola.

O‘zbekiston terma jamoasi va Kuper. Ijtimoiy tarmoqlarda nima gap?

Falastinga qarshi o‘yindan so‘ng Vadim Abramovga aloqaga chiqilgani aytildi:

Falastindan qabul qilingan mag‘lubiyat haqida

Kuper va Drulovich jamoasi o‘yinlari haqida

Abramov haqida

Futbolchilarning jon kuydirib o‘ynamasligi haqida

“Million”chi Davron Kabulov terma jamoa boshqaruvini yana bir bor o‘ziga berishlarini so‘radi

Qatarda ishlayotgan Alisher Nikimbayev esa bunga o‘ziga xos tarzda javob qaytardi

Ayb Kuperda emasligi haqida

admin

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Next Post

Toshkentda ishga tushgan ilk Prezident maktabidan fotoreportaj

Вт Сен 10 , 2019
Toshkentda O‘zbekistondagi ilk Prezident maktabi ishga tushdi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, 168 o‘ringa mo‘ljallangan maktab binosi va yotoqxona, 15 o‘rinli o‘qituvchilar mehmonxonasi qurilgan. Maktabga bu yil 5—10-sinflar uchun jami 144 nafar o‘quvchi qabul qilingan. Ularga dars berish uchun 30 nafar chet ellik mutaxassis tanlab olingan, 72 nafar mahalliy o‘qituvchi jalb […]