Qoraqalpog‘istonlik taniqli jurnalist Qozog‘istonga sayohat qildi

Ilk taassurotlar: chegara, tenge, Olmati, tirbandlik…

Ko‘pdan kutgan sayohatimni birinchi Olmati shahridan boshlamoqchi bo‘lib, Toshkent shahri Olmazor metrosi yonidagi «Toshkent» avtobus bekatiga keldim. Turistik klass saloniga ega zamonaviy avtobuslarning qatnovi oraga 17 yil solib qayta tiklangan ekan. Avtobuslar kuniga 3 marta yuradi. Soat 18.00dagi reysga chipta olib joylashdim. Narxi ham jo‘ngina – Olmatigacha 100 ming so‘m yoki 4 ming tenge. Poyezdga qaraganda ancha arzon va vaqtliroq yetib borar ekanmiz, deb ushbu trancport turini tanlaganimga qanoatlandim.

Qozog‘istonga ilk safarim bo‘lsa ham haydovchiga «Chegarada ko‘p ushlanmaymizmi, Olmatiga qancha vaqtda yetkazib quyasiz?» deb savol bilan murojaat qildim. Axiri, avvallari chegara postidan o‘tish juda qiyin bo‘lganligini ko‘p eshitganman.

Ushbu yo‘nalishdagi transportlar davlat chegara postidan yashil yo‘lak orqali o‘tishini ma’lum qilgan u «agar chegarada transport navbati ko‘p bo‘lmasa, yarim soatda o‘tib ketamiz. Olmatiga ertalab 8.00da yetib boramiz» deyishdi.

Haqiqatdan ham chegaradan ortiqcha ovoragarchiliksiz yarim soatlar ichida o‘tib ketdik.

Chegaradan o‘tishdan so‘mlarimizni tengega almashtirdik. Dastlabki vaqtlari tengega o‘rganisha olmadim. Bir payt sim karta sotuvchilari keldi. Qozog‘istonda sim kartalarni pasportsiz olish mumkin ekan. 450 tengega bilayn sim kartasini oldim. Bir hafta davomida ushbu mobil operatoridagi abonentlarga bepul qo‘ng‘iroq qila olar ekanman va internet uchun 2 Gb beradi. Bizga qaraganda Internet tezligi ancha yaxshi va arzondek tuyuldi.

Yo‘lda avtobus to‘xtagan joyda go‘ja ichmoqchi bo‘ldim. 1 kosasi 150 tanga. Hisoblab ketdim: 1 tanganing kursi 23 so‘m. Demak, 1 kosa go‘ja 3450 so‘m! Bizda (Nukusda) esa nari ketsa 1000 so‘m. Bir stakan choy ham 150 tanga. Yo‘lda 7-8 soat yurgandan keyin hammamizni Taraz shahriga yaqin joyda ovqatlanishga tushirdi. Bir sho‘rva, bir burda non va choy oldim. 1200 tanga, ya’ni 27600 so‘m. Bizda 15 ming so‘mga bemalol qorin to‘ydirsa bo‘ladi-ku. Demak, Qozog‘istonda ovqatlanish tomoni bizga qaraganda ancha qimmatroq ekan, deb o‘ylab qo‘ydim.

Qozog‘istonlik telefon nomeriga ega bo‘lishdan o‘rtoqlarimga qo‘ng‘iroq qila boshladim. Safar marshrutimni tushuntirdim. O‘rtoqlarimning ko‘pchiligi Qozog‘istonda shahar ichida va shaharlar o‘rtasida INDRAYVER bilan yurishni maslahat qildi.

Indrayver degani bu xalqaro yo‘lovchi tashish xizmati bo‘lib, bunda xizmat markazlashtirilmagan. Barcha shartlar haydovchi va yo‘lovchi o‘rtasida belgilanadi. Dastur orqali yo‘l-yo‘lakay ketayotgan transport egalari ham yo‘lovchilar ham boradigan joyini va narxini taklif qilib e’lon joylashtirib qo‘yishi mumkin. Ushbu taksi xizmat turi O‘zbekistonga endi kirib kelmoqda, aniqrog‘i hozircha faqat Toshkent shahridagina mavjud.

12 soat yo‘l yurib, ertalab soat 8 larda Olmatiga kirib keldik. Uchkonir avtobekatidan Baraxolka bozoriga borishim uchun bir soat vaqt ketdi. Tirbandlik. Ushbu tirbandliklarda mashinaning derazasini ochib yurish imkonsiz. Sababi, achchiq tutun hidi nafas olishni qiyinlashtiradi.

Menga hamrohlik qilayotgan Shattiq ismli yigitning ta’kidlashicha, Olmati shahrida 900 mingga yaqin avtomashina mavjud, yana har kuni shuncha avtomashinalar shaharga tashqaridan kirib chiqadi. Mana shuning hisobiga tirbandlik hosil bo‘ladi.

Olmatida o‘tgan asrning 90 yillariga tegishli arzon «tashlandiq» avtomashinalar ko‘p-ki, shular katta shaharni haddan ziyot ifloslantirmoqda. Olmatini tepadan qarasangiz, zaharli gazlardan tashkil topgan tutunli tuman (smog) qoplagan bo‘ladi.

Qozog‘istonda bu muammoni yechish uchun eski avtomashinalarni utilizatsiya qilish dasturi qabul qilingan va eski jamoat transportlarini foydalanishdan chiqarib, yangilarini ishga tushirmoqda. Shuningdek, Olmati va Astana shaharlarida velostansiyalar xizmati ishga tushirilgan bo‘lib, unda velosipedlarni ijoraga olish mumkin.

Shahar hokimligi yaqin 15 yilliklar ichida shahar xalqi soni (aglomeratsiyani hisobga olmaganda) 3 mlnga yetishi mumkinligini e’tiborga olib, hozirdan boshlab, hayotiy qo‘laylik yaratish maqsadida jamoatchilik transportlarni rivojlantirishga kirishgan. Shaharda hozir mavjud 1500ta jamoat transportlari sonini 6000ga yetkazmoqchi hamda elektr transportlari bilan velosipedlarga va eng asosiysi piyodalarga arnalgan infrastrukturani rivojlantirishni, shuningdek, 2035 yilgacha shahardagi transportlar sonini hozirgi holatida saqlab qolishni maqsad qilmoqda.

Olmatidagi yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish maqsadida «Oltin O‘rda» bozori yonida 8 va 10 polosali avtotrassa qurilmoqda.

Qozog‘iston shaharlarida har joyda «Ruxani jangiriw (Ma’naviy yuksalish)», «Qazaqstannin 100 jana esimi (Qozog‘istonning 100 yangi ismi)» kabi yirik lozunglarga ko‘zim tushib turdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu lozunglar Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarbayevning «Kelajak uchun yo‘nalish: ma’naviy yuksalish» nomli maqolasiga bog‘liq ekan.

Davlat rahbarining «Bolajaqqa bag‘dar: ruxani jaңg‘ыru» (Kelajak uchun yo‘nalish: ma’naviy yuksalish») nomli maqolasi Qozog‘istonning 2050 yilgacha rivojlanish yo‘li – davlat dasturi sifatida qabul qilingan.

«Qazaqstannың 100 jaңa yesimi» Mustaqillik davrida Qozog‘istonning rivojlanishiga hissa qo‘shgan 100ta davlat va jamoat arboblaridir. Ushbu 100 ta ismni xalqning o‘zi tanlagan. Shunday qilib ayni paytda Qozog‘iston ma’naviy yuksalishga katta e’tibor qaratmoqda.

Qozog‘iston ma’naviy yuksalishni maqsad qilgan

Qozog‘iston Prezidentining xalqqa yo‘llagan «Kelajak uchun yo‘nalish: ma’naviy yuksalish» nomli Murojaatida ushbu davlatning uchinchi yangilanish davri boshlangani qayd qilingan. Unga ko‘ra, davlat dasturi ijrosi doirasida Qozog‘istonni dunyoning eng ilg‘or 30ta davlati qatoriga kiritishdir. Bungacha ushbu davlatda yangi mustaqil davlatni barpo qilish orqali Birinchi yangilanish amalga oshirilgan. 1997 yilda esa «Qozog‘iston–2030» Strategiyasi qabul qilindi va yangi poytaxt-shahar Astana barpo qilindi, shuningdek, Qozog‘iston dunyoning rivojlangan 50 ta davlati qatoriga kirdi. Bu Ikkinchi yangilanish natijalari.

Uchinchi yangilanish davri 2050 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, unga ko‘ra siyosiy islohot, iqtisodiy o‘sishning yangi modelini qurish va ma’naviy yangilanish kabi uchta yangilanish jarayoni amalga oshiriladigan bo‘ladi. Shularning ichida eng asosiy yo‘nalish esa – ma’naviy yangilanishdir.

«Yangi shakldagi yangilanishning eng muhim sharti – bu milliy kodni saqlay bilish. Agar yangilanish xalqning milliy-ma’naviy tomiridan oziqlanmasa, u adasha boshlaydi» deydi Prezident N.Nazarbayev mazkur maqolasida.

Maqolaning «YAqin yillardagi vazifalar» bo‘limida 2025 yilgacha Qozog‘istonda to‘liq lotin alifbosiga ko‘chish, uch tilda ta’limni joriy qilish, «Yangi gumanitar bilim. Qozoq tilidagi 100 yangi darslik» loyihasini qo‘lga olish, «Tug‘ilgan yer» dasturlari va h. ishga tushirish belgilangan.

Qozog‘istonda joriy yilda lotin alifbosi qabul qilindi. Endi yangi alifboga o‘rganib ketilguncha kirill alifbosidan foydalanilib turiladi va 2025 yildan boshlab to‘laqonli lotin alifbosi qo‘llaniladi.

«Yangi gumanitar bilim. Qozoq tilidagi 100 yangi darslik» loyihasiga ko‘ra, gumanitar ta’limning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha jahondagi eng yaxshi 100 ta darslikni boshqa tillardan qozoq tiliga tarjima qilib, yoshlarga dunyodagi saralangan namunalar asosida bilim olishga sharoit yaratiladi. Mazkur tadbir joriy o‘quv yilidan amalga oshirila boshlaydi.

«Tug‘ilgan yer» dasturida vatanparvarlikka tarbiyalash masalasi ko‘tariladi. «Vatanparvarlik kindik qoning to‘kilgan joyga, o‘sgan qishloqqa, shahring bilan o‘lkangga, ya’ni tug‘ilgan yeringga bo‘lgan sevgidan boshlanadi. Tug‘ilgan joyga, uning madaniyati bilan urf-odatiga alohida mehir bilan yondashmoq – haqiqiy vatanparvarlikning muhim jihatlaridan biridir», — deydi Prezident N.Nazarbayev

Bunda ta’lim sohasida keng ko‘lamli o‘lkashunoslik tadbirlarini yuritish, ekologiyani yaxshilash va aholi punktlarini obod qilish, mahalliy tarixiy yodgorliklar bilan obidalarni o‘z holiga keltirish maqsad qilingan.

(Davomi bor)

Ye.Qanoatov, O‘zA

admin

Добавить комментарий

Ваш e-mail не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Next Post

Yaponiyaning mashhur gazetasida Qoraqalpog‘iston va Orol dengizi sayyohlik salohiyati namoyish etildi

Вс Июл 28 , 2019
Yaponiyaning mashhur «Asahi shimbun» gazetasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Orol dengizining sayyohlik salohiyatiga doir fotojamlanma va izohlar chop etildi, deya yozadi kun.uz. Unda O‘zbekistonning so‘nggi vaqtlarda ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otayotgan, dunyo ahliga hali yaxshi tanish bo‘lmagan manzaralari aks etgan. «Asahi shimbun» Yaponiyaning kuniga 5 million nusxada chop etiluvchi top-3 gazetalaridan biridir. […]